CENTER FOR ECONOMIC RESEARCH

Buxoro viloyatining 2022 yil yanvar-sentyabr oylaridagi iste’mol narxlari indeksi va inflyasiya darajasi tahlili

Tahlillarga ko‘ra, joriy yilda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yillik inflyasiyaning oshishi juda tezlashgan. Xususan, Yevropa mamlakatlarida joriy yil sentyabr oyida yoqilg‘i-energetika mahsulotlari narxi yillik hisobda qariyb 41 %ga, oziq-ovqat mahsulotlari qariyb 12%ga oshgan.

Kuzatilayotgan inflyasion bosim ta’sirida qo‘shni davlatlarda joriy yilning yanvar-avgust oylarida:

  • un va don mahsulotlarining narxi 1,2 barobargacha (Rossiya Federatsiyasida 11%, Qozog‘iston Respublikasida 24%, Qirg‘iziston Respublikasida 21%);
  • o‘simlik yog‘i narxi 11%gacha (Rossiyada – 11%, Qozog‘istonda – 11% va Qirg‘izistonda – 9%);
  • piyoz mahsuloti narxi 1,8 barobargacha (Rossiyada 33%, Qozog‘istonda 47%, Qirg‘izistonda 83%);
  • go‘sht narxi qariyb 15%gacha (Rossiyada – 13%, Qozog‘istonda – 15%, Qirg‘izistonda – 10%)ga oshganligi ko‘zatiladi.

Umuman olganda, oldingi yillardagi ko‘rsatkichlar, shu jumladan mavsumiy omillar, shuningdek, dunyodagi joriy vaziyat va ichki bozorda kutilayotgan tendensiyalar ichki iste’mol bozorlari indeksiga ta’sir o‘tkazmoqda.

Jumladan, joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida (o‘tgan yilning dekabr oyiga nisbatan) Buxoro viloyati bo‘yicha o‘rtacha inflyasiya ko‘rsatkichi 7,8%ni (respublika ko‘rsatkichi 8,1% yoki 0,3 punkt kam) tashkil etdi. Shundan,

  • oziq-ovqat mahsulotlari 9,0% (respublika ko‘rsatkichi 10,0% yoki 1,0 punkt kam);
  • nooziq-ovqat mahsulotlari 8,2% (respublika ko‘rsatkichi 7,9% yoki 0,3 punkt ko‘p);
  • xizmatlar ko‘rsatish 4,9% (respublika ko‘rsatkichi 4,8 % yoki 0,1 punkt ko‘p)ni tashkil etdi.

Bunda eng yuqori o‘sish dam olish, sport va madaniyat xizmatlari 16,5%ga, restoran va mehmonxonalar xizmatlari 14,9%ga, maishiy tovarlar va xizmatlar, ijtimoiy va turli tovarlar hamda boshqa xizmatlar 14,0%gauy ruzg‘or asboblari, maishiy texnika va turar joylarga kundalik xizmatlar ko‘rsatish 8,4%ga va sog‘liqni saqlash xizmatlari 8,3%ga oshgan.

Shu bilan birga, o‘tgan davrda viloyatda ayrim oziq-ovqat mahsulotlarning narxi sezilarli darajada oshgan. Jumladan:

  • piyoz – 73,2(respublikada o‘rtacha 74,9%)ga;
  • shakar – 55,5% (respublikada - 53,8%)ga;
  • buxanka noni – 51,7(respublikada - 51,0%)ga;
  • bug‘doy uni – 40,5% (respublikada - 40,7%)ga;
  • barcha navdagi guruch – 15,9% (respublikada – 19,2%)ga;
  • o‘simlik yog‘i – 11,9(respublikada - 13,2%)ga;
  • paxta yog‘i – 9,7% (respublikada - 11,0%)ga oshgan.

O‘z navbatida, ushbu davrda o‘tgan yilning dekabriga nisbatan kartoshka narxi 17,9%ga arzonlashganligini ko‘rishimiz mumkin.

Bundan tashqari, shu yilning sentyabr oyida o‘tgan oyga nisbatan iste’mol narxlari indeksi 1,0%ga, shundan oziq-ovqat mahsulotlari 1,5%ga, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,6%ga va xizmatlar 0,7%ga o‘sishi ko‘zatilgan.

Jumladan, kartoshka narxi 2,6%ga, barcha turdagi guruch 1,9%ga, mol go‘shti 1,8%ga, shakar 1,8%ga, tuxum 1,7%ga, quy go‘shti 1,6%ga va kungaboqar yog‘i 1,4%ga yuqori o‘sish darajasi kuzatilgan bo‘lsa, piyoz narxi 7,6%ga va sabzi mahsuloti 1,1%ga arzonlashgan.

Ta’kidlash joizki, prognoz parametrlariga ko‘ra joriy yil yakuniga qadar inflyasiya darajasi 12,0%gacha bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.

Ushbu inflyasion holatdan kelib chiqib, mahalliy hokimlik organlari aholi ehtiyoji uchun yetishmaydigan asosiy iste’mol tovarlari, ayniqsa, kartoshka, piyoz, o‘simlik va paxta yog‘i, shakar va guruch mahsulotlari, zarur hollarda xususiy sektorni jalb qilgan holda muqobil bozorlardan import qilish orqali kafolatli ta’minlash hamda inflyasiyani ushlab turish yuzasidan zaruriy choralarni ko‘rish lozim hisoblanadi.

Nurmurodov Kamoliddin
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Samarqand filiali sho‘’ba mudiri

...