Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari O‘zbekiston hududlarida ishbilarmonlik faolligining o‘sish sabablarini tushuntirdi
O‘zbekiston Respublikasi hududlarida ishbilarmonlik faolligi tahlili har oyda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan tezkor ma’lumotlar asosida (respublikaning barcha sohalari bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring, Davlat bojxona qo‘mitasi, DSQ, MB va O‘zRXTB) hisoblab chiqiladi.
Monitoring natijalari shuni ko‘rsatdiki, joriy yilning 1 yanvaridan 30 sentyabrigacha bo‘lgan davrda respublikada soliq tushumlari hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,3%ga oshgan.
Jumladan, Farg‘ona (39,5%), Samarqand (35,4%), Sirdaryo (33,2%), Xorazm (32,7%), Buxoro (32,2%) viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasida (33,4%) va Toshkent shahrida (42,2%) soliq tushumlarining sezilarli o‘sishi qayd etildi.
Umuman olganda, ko‘rib chiqilayotgan davrda soliq tushumlarining ko‘payishiga bir vaqtning o‘zida bir qator o‘sish omillari ta’sir ko‘rsatdi.
Elektron hisobvaraqlar tizimini, onlayn kassa tizimini joriy qilishni kengaytirish hisobiga, shuningdek aholiga xarid qiymatining 1 foizini keshbek sifatida qaytarib berish tartibining joriy qilinishi natijasida qo‘shilgan qiymat solig‘i (respublika bo‘yicha daromadning o‘sishi – 32%) va aylanmadan olinadigan soliq (49%) tushumlari o‘sdi.
Iqtisodiy faollikning ortishi natijasida rentabellik darajasining oshishi sub’yektlar tomonidan to‘lanadigan foyda solig‘ini 38%ga oshirishiga sabab bo‘ldi.
Tahlil qilinayotgan davrda bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40,3%ga oshdi. Bojxona tushumlarining eng katta o‘sishi Andijon (61,2%), Sirdaryo (48,0%), Jizzax (45,8%), Xorazm (48,6%) viloyatlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi (56,9%), va Toshkent shahrida (46,5%) kuzatildi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahliliga ko‘ra, bojxona to‘lovlaridan olinadigan daromadning o‘sishiga ta’sir ko‘rsatgan asosiy omillar 2022 yil yanvar-avgust oylarida import hajmining o‘tgan yilning shu davriga nisbatan deyarli 20 foizga oshishi bo‘ldi.
Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan 30 sentyabrga qadar tovarlar eksporti hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25,5%ga oshgan. Tovarlar eksport hajmining sezilarli o‘sishi Samarqand (35,5%), Andijon (35,3%), Sirdaryo (31,0%), Qashqadaryo (29,2%), Namangan (29,1%), viloyatlarida va Toshkent shahrida (55,3%) qayd etildi.
O‘zbekiston eksportining o‘sishi sanoat mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlari, kimyo va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportining o‘sish sur’atlari bilan izohlanadi.
Tovar eksportining qisqarishi, Surxondaryo (10,0%), Buxoro (5,4%) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (10,2%) kuzatildi.
Eksport hajmining kamayishi Buxoro viloyatida paxta tolasining ichki bozorga yo‘naltirilganligi bilan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida plastmassa va undan tayyorlangan mahsulotlar, ip-kalava va (qizilmiya ildizidan tayyorlanadigan) farmatsevtika mahsulotlari eksportining kamayishi bilan, Surxondaryo viloyatida meva-sabzavot mahsulotlari (dukkakli o‘simliklar, pomidor, mosh, piyoz) eksportining kamayishi bilan bog‘liq.
Joriy yilning 1 yanvaridan 30 sentyabrigacha bo‘lgan davrda tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,6%ga o‘sdi.
Berilgan kreditlar hajmining o‘sishi Farg‘ona (29,8%), Toshkent (24,0%), Samarqand (17,7%), Andijon (16,1%) viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasida (18,3%) va Toshkent shahrida (11,3%) kuzatilgan.
Tahlil qilinayotgan davrda O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasida tuzilgan bitimlar hajmi 41,3%ga o‘sdi. Birjada savdo faolligining sezilarli o‘sishi Xorazm (60,5%), Jizzax (58,3%), Navoiy (46,6%), Samarqand (46,1%) viloyatlarida va Toshkent shahrida (53,6%) kuzatildi.
Ushbu hududlarda tuzilgan bitimlar hajmining o‘sishi mineral o‘g‘itlar, texnik chigitlar, avtomobil benzini, dizel yoqilg‘isi, qurilish va xo‘jalik materiallari, o‘simlik yog‘i, bug‘doy uni, bug‘doy, shakar, paxta tolasi, qora va rangli metallar, polietilen, polipropilen, etil spirti va boshqa mahsulotlar savdosining ko‘payishi hisobidan erishilgan.
Tahlil qilinayotgan davrda 70 563 ta yangi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tashkil etilib, ularning eng ko‘pi Samarqand (8 398), Qashqadaryo (6 812), Farg‘ona (6 720), Toshkent (5 212), Xorazm (4 567) viloyatlarida va Toshkent shahrida (11 700) ro‘yxatga olingan.