"Qonun hujjatlari ta’sirini baholash uslubiyotini qo‘llash asoslari"mavzusida trening o‘z ishini boshladi

Toshkent shahrida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) binosida "Qonun hujjatlari ta’sirini baholash uslubiyotini qo‘llash asoslari"mavzusida trening bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbir BMT taraqqiyot dasturi (BMTTD) bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) tomonidan tashkil etilgan. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (TDIU), Toshkent Davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.

Shuningdek, treningda turli ilmiy-tadqiqot institutlari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda qonun hujjatlari ijodkorligi sifatini oshirish, tartibga solishda yangi usullarni joriy qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirda ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihasining ta’sirini kompleks baholash va barvaqt prognoz qilishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator salbiy omillar saqlanib qolmoqda.

Qonun hujjatlari ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish, shuningdek, qonun hujjatlari ijodkorlikning samarali mexanizmlarini joriy etish, iqtisodiy samarasiz qarorlar tayyorlash va qabul qilishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ITIM "Qonun hujjatlari ta’sirini baholash uslubiyotini qo‘llash asoslari"mavzusida treningni tashkil etdi. Tadbirning asosiy maqsadi qonun hujjatlarining ta’sirini baholash metodologiyasini ochib berish, shuningdek, boshqa mamlakatlarda joriy etilgan o‘ziga xos xususiyatlari va natijalarini muhokama qilishdan iborat. Treningda ishtirok etishni istaganlar quyidagi telefonga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin: (78) 150-02-02.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzurida

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati